O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 8-noyabrdagi «Mustaqil teleradiokanallarni isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Farmoni respublikamiz mediamakoni taraqqiyotida muhim omil bo`ldi. Xususan, «Toshkent» telekanali va «Do`stlik» radiostansiyasi (studiyasi) birlashuvidan «Toshkent» teleradiokanali» davlat unitar korxonasi vujudga keldi.
Toshkent shahri va viloyatining barcha jabhalaridagi yangiliklarni tezkorlik bilan yoritish, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy sohalarda yuksak marralarni zabt etgan insonlarning tajribasini ommalashtirish singari ezgu maqsadlarda 1973 yili O`zbekiston televideniesi tarkibida yangi tahririyat - Toshkent shahri va viloyati aholisi uchun mo`ljallangan ko`rsatuvlar redaksiyasi tashkil etiladi. Tahririyat 1989-yilda «Toshkent studiyasi»ga aylantirildi.
Bugungi k***a «Toshkent» teleradiokanali» davlat unitar korxonasi tarkibida «Toshkent» telekanali faoliyat ko`rsatmoqda.
Yillar silsilasida yangilangan «Toshkent» telekanali eng didli tomoshabinning ham e’tiborini qozona oladigan telekanalga aylandi. Ayniqsa, «Poytaxt yo’llarida», «Ochiq muloqot», «Sayyor kamera», «Men sizga aytsam», «Sifat nazorati», «MFaktor», «Ko’zgudagi Biz», «Sanamjon», «Xayrli bo`lsin», «Obod xonadon», «Hikmatli dunyo», «Tashkent city» kabi o`nlab teledasturlar mavzularning rang-barangligi, dolzarbligi bilan jamoatchilik o`rtasida qizg`in bahslar uyg`otdi. Shuningdek, yurtimiz, xususan poytaxtimizning zamonaviy qiyofasi, so`lim maskanlarini o`ziga xos uslubda aks ettirgan betakror teleroliklar tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo`lmoqda.
Efir soati: 24 soat.
Efir qamrovi: «Toshkent» telekanali efiri analog formatda Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlari hamda Jizzax viloyatining bir qismiga tarqatiladi. Raqamli formatda esa butun respublika bo`ylab efirga uzatiladi.
Qaysi auditoriya uchun faoliyat yuritadi
7 yoshdan 70 yoshgacha
Tarkibidagi muharririyatlar va ularning vazifalari
1. «Poytaxt» informatsion dasturlar bosh muharririyati. Muharririyatning bosh maqsadi poytaxtimiz, shuningdek, respublikamiz va jahonda kechayotgan yangiliklardan teletomoshabinlarni xabardor etishdir. Bundan tashqari, k***alik hayotimizda uchrayotgan, kishini o`ylashga, mushohada yuritishga undaydigan voqealar tafsiloti, jamiyatimiz duch kelayotgan turli illatlar va ularga barham berish yo`lida ko`rilayotgan chora-tadbirlar tahliliy lavhalarda muntazam yoritib boriladi. Muharririyatning vazifasi axborot va yangiliklarni tomoshabinga tezkor, xolis va haqqoniy etkazib berishdir.
2. «Ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy dasturlar» bosh muharririyati. Mamlakatimizdagi keng ko`lamli islohotlar va yangilanishlar mohiyatini ta’sirchan tarzda ochib berish, bunyodkorlik ishlarini keng targ`ib qilish, yangi qonunlarning mohiyatini keng targ`ib qilish, fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirish, xalqaro miqyosda ro`y berayotgan voqealarni tahlil qilish, yoshlar ongida milliy istiqlol g`oyasi, ko`p ming yillik boy tariximiz, urf-odat, an’ana va qadriyatlarimizga nisbatan chuqur hurmat hissini shakllantirish, o`zlikni anglash, Vatanga muhabbat tuyg`ularini qaror toptirish, ayni paytda ularni terrorizm, diniy ekstremizm, giyohvandlik kabi illatlarga qarshi kurash ruhida tarbiyalash, jamiyat taraqqiyotiga to`siq bo`layotgan kamchilik va muammolarni teran tahlil qilish, turli illatlarga qarshi jamoatchilik fikrini shakllantirishga qaratilgan tahliliy-ma’rifiy teledasturlar tayyorlash, shuningdek, muhim sanalar, buyuk ajdodlarimizning tavalludiga bag`ishlangan badiiy-hujjatli turkum film va ko`rsatuvlar tayyorlashdan iborat.
3. «Musiqiy-ko`ngilochar va kino dasturlar» bosh muharririyati. Respublikamiz va O`zbekiston poytaxti Toshkent shahrining madaniy-ma’rifiy, ilmiy-adabiy hayoti, yurtimizda sodir bo`layotgan ma’naviy yuksalishlar, bu yo`lda olib borilayotgan keng qamrovli amaliy faoliyatni yoritib boruvchi ko`rsatuvlar tayyorlash. Fuqarolar ongida Vatanga muhabbat, milliy qadriyat va an’analarga sadoqat, istiqlol ne’matlariga hurmat, tinchlik va farovon hayotga shukronalik, mustaqillikni mustahkamlash ishiga hissa qo`shish, kelajakka umid va ishonch bilan qarab bugungi taraqqiyot mohiyatini anglash, ajdodlar ma’naviy merosini chuqur o`rganish singari istak va tuyg`ularni shakllantirishga qaratilgan ko`rsatuvlar tayyorlash. Aabiyot, san’at, ilm-fan rivojiga munosib hissa qo`shayotgan ijodkorlar, olim va yozuvchi-shoirlar faoliyatini yoritish, oilalar mustahkamligi, sog`lom turmush tarzini targ`ib etish, yoshlarni komil inson ruhida tarbiyalash ishiga hissa qo`shuvchi dasturlar tayyorlash.