22/07/2023
“Korrupsiya - taraqqiyotga tahdid”
Samarqand viloyat maʻmuriy sudining sudyasi S.Soliev hamda Samarqand tumanlararo maʻmuriy sudining sudyalari A.Suyarov va B.Ablahatovlar tomonidan Samarqand viloyat o'simliklar karantini va himoyasi boshqarmasida “Korrupsiya - taraqqiyotga tahdid” mavzusida soha xodimlari o'rtasida davra suhbati bo'lib o'tdi.
Davra suhbatida yig'ilganlarga soha mutaxassislari tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari, fuqarolarni huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish borasida sud hokimiyatini tutgan o'rni hamda korrupsiyani barvaqt oldini olish masalalari haqida qisqacha to'xtalib o'tildi.
O'zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksida ham shu kabi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan qo'llaniladigan bir qator moddalar mavjud bo'lib, amaliyotda shaxslar tomonidan Jinoyat Kodeksining hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʻmol qilish (JK 205), hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish (JK 206), mansabga sovuqqonlik bilan qarash (JK 207), hokimiyat harakatsizligi (JK 208), mansab soxtakorligi (JK 209), pora olish (JK 210), pora berish (JK 211), pora olish-berishda vositachilik qilish (JK 212), davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o'zini boshqarish organining xizmatchisini pora evaziga og'dirib olish (JK 213), davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o'zini boshqarish organining xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklarni olishi yoki mulkiy manfaatdor bo'lishi (JK 214) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar ko'proq sodir etishi kuzatilmoqda deydi - viloyat maʻmuriy sudining sudyasi S.Soliev.
Bundan tashqari, mamlakatimizda korrupsiyani engish, hokimyat amaldorlarining halol ishlashini taʻminlash, bozor iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, tadbirkorlar oldida turgan byurokratik to'siqlarni olib tashlash, xalqqa va tadbirkorlik faoliyatiga halal berayotgan sunʻiy to'siqlarni bartaraf etish maqsadida bir qator qonun va qonun osti hujjatlari qabul qilinganligi taʻkidlandi. Jumladan, O'zbekiston Respublikasining 2017 yil 3 yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida” gi qonuni, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi “O'zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora tadbirlari to'g'risida” gi PF-5729-sonli va 2020 yil 29 iyundagi “O'zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora tadbirlari to'g'risida” gi farmonlari borasida ham tushunchalar berib o'tildi.
Shuningdek, soha mutasaddilari tomonidan, iqtisodiyotni yanada o'stirish, xalq farovonligini oshirish, mamlakatda investisiya muhitini yaxshilash borasidagi strategik vazifalarni hal etish korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini taʻminlash hamda korrupsiya ko'rinishlarining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish bo'yicha yangi tizimli choralar haqida ham ishtirokchilar xabardor etildi.
Bir so'z bilan aytganda, ayni paytda mamlakatimizda jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashishning barcha huquqiy asoslari yaratilgan. Faqat bu jarayonda aholining huquqiy onggi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda bu borada har O'zbekiston Respublikasi fuqarosidan hushyorlik va masʻuliyat talab etiladi.