
14/01/2025
Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan institutda "Jasur" filmining taqdimoti oʻtkazildi
🇺🇿14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida yoshlarning vatanparvarlik tuygʻusini oshirish va ularda Vatanga sadoqat ruhini shakllantirishga qaratilgan tadbir tashkil etildi. Tadbirda institut rektori Rivojiddin Karimov ishtirok etdi va maʼruza qildi.
Tadbir doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatiga qarashli chegara qoʻshinlari xodimlarining ogʻir, biroq sharafli xizmati haqida hikoya qiluvchi "Jasur" filmining taqdimoti oʻtkazildi. Mazkur filmda chegarachilarning Vatanimizning tinch hayotini taʼminlash yoʻlidagi jasorati, ularning din niqobi ostidagi ekstremistik guruhlarga qarshi kurashi, oʻz hayotini xavf ostiga qoʻygan holda fidoyilik koʻrsatishlari haqidagi voqealar aks etgan.
🔍R. Karimov oʻz nutqida shunday dedi:
"Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligi, yosh avlodning farovon kelajagi uchun oʻz hayotini bagʻishlayotgan har bir vatanparvar shaxs eng oliy hurmat va eʼtirofga loyiqdir. Yoshlarimizni ana shunday jasorat va sadoqat ruhida tarbiyalash – biz taʼlim muassasalari oldida turgan eng muhim vazifalardan biridir. Institutimizda oʻtkazilayotgan bu kabi tadbirlar yoshlar qalbida Vatanga boʻlgan muhabbatni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi."
🇺🇿Tadbir soʻngida talabalar film borasida oʻz fikr va taassurotlari bilan oʻrtoqlashdilar. Ular chegarachilarning fidoyiligi va jasorati haqidagi haqqoniy voqealardan juda katta taʼsirlanishganini qayd etishdi.
Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida bunday maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni muntazam tashkil etish orqali yoshlar qalbida vatanparvarlik va jasorat tuygʻularini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
📝Is'hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti Axborot xizmati
🔹Bizni kuzatishda davom eting
🔹Telegram 🔹Instagram 🔹Facebook
🔹Youtube 🔹Web-sayt