31/12/2024
Toshkent aeroportida yangi yil fleshmobi bo‘lib o‘tdi
27-dekabr kuni Toshkent xalqaro aeroportining uchib ketish zalida birdan musiqa yangray boshladi. Yo‘lovchilar ortlariga o‘girilib qarashar, olomon orasidan esa qo‘llarida cholg‘u asboblari bilan odamlar paydo bo‘la boshladi. Butun orkestr zalga yig'ilganda, olomon orasidan Qor-bobo va Qor-qiz paydo bo'ldi.
“Yangi yil arafasida yo‘lovchilar va aeroport xodimlari uchun bayramona kayfiyat yaratishga harakat qildik. Terminallar bayram munosabati bilan bezatilgan, uchib ketish zalining ikkinchi qavatida bayram archasi va fotozona o‘rnatilib, yangi yil musiqasi yangradi. Lekin biz ko'proq hissiyotlarni ko'rishni xohlar edik. Shundan keyin musiqali fleshmob hamda Qor-bobo va Qor-qizni taklif qilish g'oyasi tug'ildi. Yangi yil qahramonlari bir necha soat davomida yo‘lovchilarni xushnud etishdi, barcha bilan suratga tushishdi va jajji yo‘lovchilarga sovg‘alar ulashdi. Bayram ayniqsa, yosh bolalar uchun maroqli o‘tdi”, — deya izoh berdi “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati.
Orkestr "Happy New Year, Last Christmas, Jingle bells, We wish you a Merry Christmas, Carol of the Bells" va boshqa ko'plab mashhur yangi yil kompozitsiyalaridan parchalarni ijro etdi. Umuman olganda, madaniy flesh-mobda Sharja, Olmaota, Pekin, Dushanbe, Ostona, Bishkek, Moskva, Novosibirsk, Istanbul va Milanga parvoz qilgan 800 ga yaqin yo‘lovchilar ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, poytaxt aeroportida Yangi yil qahramonlari ishtirokidagi bayram tadbirlari 31 dekabrga qadar davom etadi. Barchani kirib kelayotgan yangi yil bilan tabriklaymiz va yoqimli parvozlar tilab qolamiz.